Senat Komissiyalari
Senat muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.
Komissiya Senat majlisida senatorlar orasidan komissiya raisi va a'zolari, zarurat bo'lganda esa komissiya raisining o'rinbosaridan iborat tarkibda tuziladi.
Ayni paytda komissiyani tuzishdan ko'zlangan maqsad va uning vakolatlari belgilanadi.
Komissiya tuzilgani to'g'risida Senat qaror qabul qiladi.
Komissiya o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan so'ng, qaysi muddatga tuzilgan bo'lsa, shu muddat o'tganidan keyin yoki Senatning
qaroriga binoan muddatidan ilgari o'z faoliyatini tugatadi.
Komissiyalarni tashkil etish va ularning faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Bugungi kunga qadar bitta - Reglament va etika komissiyasi tuzilgan.
Reglament va etika komissiyasi Senatning vakolatlari muddatiga 7 kishi tarkibda tuzilgan.
Komissiyaning asosiy vazifalari:
- Senatorlar tomonidan Senat etikasi normalariga rioya etilishiga ko'maklashish;
- Senatorlarning siyosiy va huquqiy madaniyatini ko'tarishga qaratilgan tushuntirish tadbirlarini o'tkazish;
- Kengashga kiritilayotgan senatorlar etikasi to'g'risidagi masalani dastlab ko'rib chiqish va tayyorlash;
- Senatorlar tomonidan etika normalariga rioya qilinishini nazorat qilish va ularning buzilishini o'z vaqtida oldini olish.

